OULU UNIVERSITETI VA GIDROMETEOROLOGIYA ILMIY-TADQIQOT INSTITUTI HAMKORLIGIDA SEMINAR-TRENING O‘TKAZILDI
Joriy yilning 6–7 oktabr kunlari Markaziy osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (Green university) Finlandiyaning Oulu universiteti hamda Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida “Integratsiyalashgan suv balansi va energiya ta’minoti tizimi modeli orqali transchegaraviy daryolar suvlaridan samarali foydalanish” (TU-Nexus Project) loyihasi doirasida ikki kunlik seminar-trening o‘tkazildi.
TU-Nexus loyihasi Finlandiya Tashqi ishlar vazirligi va Fanlar akademiyasi tomonidan moliyalashtiriladi hamda Oulu universiteti tomonidan muvofiqlashtiriladi. Loyiha Markaziy Osiyoda suv, energiya va oziq-ovqat resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini rivojlantirish, manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish va treninglar tashkil etishni maqsad qiladi.
Seminarda Oulu universiteti professorlari Bjorn Klove, Ali Torabi Haghighi, ilmiy xodimlar Amirhossein Ahrari, Matin Rafipour Langeroudi hamda Finlyandiyaning VTT texnik tadqiqot markazi bosh mutaxassisi Jean tomonidan quyidagi yo‘nalishlarda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi:
- TU-Nexus Overview – TU-Nexus loyihasining maqsad va vazifalari bilan tanishtirish;
- Global Challenges in Water Resources – Suv resurslaridagi global muammolar;
- Remote Sensing for Water Resources – Suv resurslarini masofadan zondlash orqali tahlil qilish;
- Hydrological and Glacier Modeling Coupling – Gidrologik va muzlik modellarini integratsiyalash;
- Energy–Hydrology Modelling Coupling – Energetika va gidrologiya o‘rtasidagi bog‘liqlikni modellashtirish.
Treningning birinchi kunida ishtirokchilarga masofaviy zondlash (Remote Sensing) asoslari, spektral indekslar (Spectral Indices) yordamida suv obyektlarini aniqlash, Sentinel-2 sun’iy yo‘ldoshi tasvirlari asosida suv yuzalarini aniqlash hamda Sentinel-3 va MODIS ma’lumotlari yordamida suv yuzasi maydonining vaqt bo‘yicha o‘zgarishini baholash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ushbu yo‘nalishlarda yosh mutaxassislarga zamonaviy GIS va masofadan zondlash texnologiyalari asosida tahlil o‘tkazish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
Seminarning ikkinchi kuni esa, yosh tadqiqotchilarning ilmiy va akademik salohiyatini oshirish, nufuzli xalqaro jurnallarda maqolalar chop etish, hamda hamkorlikda ilmiy loyihalar ishlab chiqish masalalariga bag‘ishlandi.
Oulu universiteti professori, nufuzli “Hydrology Research” jurnalining bosh muharriri Bjorn Klove o‘z ma’ruzasida yosh tadqiqotchilarga ilmiy maqola tayyorlash jarayonida e’tibor berilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. U, xususan, Scopus va boshqa xalqaro ma’lumotlar bazasidagi ilmiy jurnallar talablari, maqolalarning ilmiy yangiligi, metodologik aniqligi, grafik va jadval sifatiga, shuningdek ingliz tili me’yorlariga rioya etishning ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, professor Klove ilmiy jurnallar tahririy hay’ati faoliyati, texnik tahrir (technical editing) jarayoni, ilmiy sharh (peer review) tizimi hamda maqolalarni nashrga tayyorlash bosqichlari haqida batafsil ma’lumot berdi. U o‘z ma’ruzasida yosh olimlarni o‘z ilmiy natijalarini xalqaro maydonga olib chiqish, jamoaviy tadqiqotlarda faol ishtirok etish va Oulu universiteti bilan hamkorlikni mustahkamlashga alohida to’xtalib o’tdi.
Seminar yakunida Oulu universiteti, Finlyandiyaning VTT texnik tadqiqot markazi va Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish, 2026-yildan boshlab qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy maqolalarni nufuzli jurnallarda birgalikda chop etish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqishga kelishib olindi.





