2025 yilning 16–17 sentyabr kunlari Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (Green University) “Iqlim o‘zgarishi sharoitida tog‘ muzliklarini monitoring qilishning innovatsion usullari va glyatsiologiyani rivojlantirishning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy konferentsiya bo‘lib o‘tdi.

Konferentsiya Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashabbusi bilan, Jahon bankining MUNIS dasturi, UNESCO va Xalqaro suv boshqaruvi instituti (IWMI) bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ushbu tadbir 2025 yilda nishonlanayotgan Muzliklarni asrash xalqaro yili doirasida o‘tkazildi.

Konferentsiyada mahalliy va xorijiy olimlar, xususan Markaziy Osiyo davlatlari, Germaniya, Frantsiya, Shveytsariya, Avstraliya kabi jami 10 dan ortiq davlatdan 120 nafar ishtirokchi qatnashdi. Ular iqlim o‘zgarishi sharoitida muzliklarning ahamiyati, ularni masofadan zondlash va boshqa innovatsion texnologiyalar yordamida monitoring qilish, muzliklarni asrash strategiyalari hamda glyatsiologiya sohasidagi zamonaviy muammolarni muhokama etdilar.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, agar hozirgi global isish tendentsiyalari davom etsa, 21 asrning ikkinchi yarmiga kelib Markaziy Osiyodagi muzliklarning katta qismi yo‘qolishi mumkin. Bu esa suv xavfsizligiga, qishloq xo‘jaligiga va gidroenergetika sohasiga jiddiy xavf tug‘diradi.

Tadbir davomida mahalliy va xalqaro ekspertlar muzliklarni barqaror monitoring qilish, suv resurslarini oqilona boshqarish va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, konferentsiya ishtirokchilari axborot almashinuvini kengaytirish va qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

HMRI-International-conference-16.09.2025.pdf