BARQIROQ MUZLIGIDA GEOTEKSTIL QOPLAMASI YORDAMIDA GEOINJINIRING TAJRIBASI
Geoinjiniring loyihasi doirasida O‘rta Barqiroq muzligi yuzasida kuzatiladigan erish jadalligini kamaytirish va geotekstil qoplamaning samaradorligini baholash maqsadida tajriba-sinov ishlari amalga oshirildi. Tajriba doirasida muzlik yuzasining 100 m² maydoni geotekstil materiali bilan qoplandi. Mazkur qoplama muzlik yuzasiga tushadigan quyosh radiatsiyasining bevosita ta’sirini kamaytirish orqali muzlik yuzasidan erish jarayonini sekinlashtirishga qaratilgan.
Geotekstil qoplamasining samaradorligini miqdoriy baholash uchun qoplama ostidagi tajriba maydonchasiga hamda unga yaqin joylashgan, geotekstil bilan qoplanmagan nazorat maydonchasiga maxsus o‘lchov reykalari o‘rnatildi. Reykalar orqali har ikki maydonchada muz yuzasi balandligining vaqt davomida o‘zgarishini aniqlash, ya’ni qoplangan va ochiq muz yuzalaridagi ablyatsiya intensivligini qiyosiy baholash imkoniyati yaratildi. Bunday yondashuv geotekstil qoplamaning tabiiy muz erish jarayoniga ta’sirini bevosita dala sharoitida baholash imkonini beradi.
Tajriba natijalarini aniqlash maqsadida mazkur yilning oktabr oyida Barqiroq muzligida takroriy geodezik o‘lchovlar amalga oshiriladi. Bunda D-GPS yordamida tajriba va nazorat maydonlarining holati hamda muzlik yuzasi balandliklari aniqlanadi, shuningdek, o‘rnatilgan reykalardan sanoqlar olinadi. Olingan ma’lumotlarni boshlang‘ich o‘lchovlar bilan taqqoslash orqali geotekstil bilan qoplangan va ochiq muz yuzalarida kuzatilgan muz erishi (ablyatsiya) miqdori va intensivligi aniqlanadi. Mazkur tajriba global iqlim o‘zgarishi sharoitida tog‘ muzliklarining massa yo‘qotilishini kamaytirishga qaratilgan geoinjiniring yondashuvlarini amaliy jihatdan sinovdan o‘tkazishning dastlabki bosqichlaridan biridir. Tajriba natijalari geotekstil qoplamasining muzlik yuzasidagi erish jarayonini sekinlashtirish, uning qo‘llash imkoniyatlarini aniqlash hamda kelgusida muzliklarni mahalliy miqyosda muhofaza qilishga qaratilgan muhandislik choralarini ishlab chiqish uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.









