Markaziy Osiyo Atrof‑muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida Markaziy Osiyoda suv resurslarini sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari orqali monitoring qilishga qaratilgan CAHYSPA (Central Asia HYdrology from SPAce) loyihasi doirasida ilmiy seminar bo‘lib o‘tmoqda.

Seminarda Fransiya, Avstraliya, AQSH mutahassislari bilan bir qatorda, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondagi tegishli vazirliklar, tashkilotlar, ilmiy muassasalar, nodavlat tashkilotlardan  ishtirokchilar qatnashmoqda.

Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti CAHYSPA loyihasi amalga oshirishda O’zbekistondagi asosiy hamkor tashkilot hisoblanadi.

SCO (Space for Climate Observatory) tashabbusi 2019‑yildan beri sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va yer ustida kuzatishlarni birlashtirib, iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi. CAHYSPA mazkur global tarmoqning bir qismi bo‘lib, Copernicus va SWOT sun’iy yo‘ldosh hamda mintaqadagi gidrometeorologik stansiyalar ma’lumotlarini integratsiya qilgan holda Sirdaryo havzasida suv sathi, suv sarfi va hajmi, suv omborlari sathi va hajmi hamda sug‘orishga sarflangan suv miqdori bo‘yicha deyarli real vaqt rejimida tahliliy platforma taqdim etishni maqsad qilgan.

Seminar davomida quyidagilar amalga oshirish nazarda tutilmoqda:

• transchegaraviy suv almashinuvi, muzlik va qor suvlariga bog‘liqlik, qurg‘oqchilik xavfi va sug‘orish samaradorligi kabi ustuvor masalalar aniqlab olish;
• OpHySe platformasi tajribasi asosida mintaqaviy masofadan zondlash ma’lumotlar bazasini kengaytirish, SWOT asosidagi gidrodinamik modellar (MGB, HiVDI) bilan daryo oqimini aniqlash va LaRiC rezervuar boshqaruvi modelini moslashtirish bo‘yicha kelishuvga erishish;
• ma’lumotlar almashuvi protokoli va ochiq kodli dasturiy ta’minotdan foydalanish tamoyillari yuzasidan konsensusga kelish.

Endilikda loyiha 2025‑yil oxirigacha dastlabki platformani ishga tushirish, 2026‑yilda esa to‘liq funksional versiyani mintaqaviy suv boshqaruvi va mutasaddilarga taqdim etishni rejalashtirmoqda. Dehqonlar, gidroenergetika operatorlari va vazirliklar CAHYSPA vositalari yordamida suv balansini aniqlik bilan kuzatib, iqlim xavflariga barqaror javob choralarini ishlab chiqish imkoniga ega bo‘ladilar.

https://www.spaceclimateobservatory.org/cahyspa