Institut haqida
Institut haqida
Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti respublikada gidrometeorologiya, iqlim oʼzgarishi, glyatsiologiya, atrof-muhit ifloslanishi monitoringi sohalarida eksperimental va laboratoriya tadqiqotlarini olib boradigan yagona ilmiy tashkilot hisoblanadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” 2023-yil 31-maydagi PQ–171-son hamda 2023-yil 31-maydagi “Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʼzgarishini oʼrganish universiteti (Green university) faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori asosida Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutining maqomi, asosiy vazifalari va funktsiyalari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibi belgilangan.
Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutida jami 7 boʼlim va 10 ta ilmiy labaratoriyalar mavjud. Ularning faoliyati doirasi turlichadir.
Institut davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan moliyalashtiriladi. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 iyuldagi 403-son qarori bilan Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʼlash miqdorlari va shartlari tatbiq etildi.
Hozirda Institutda 75 ta xodim faoliyat olib boradi, shu jumladan ilmiy xodimlar soni – 34 nafar, tayanch doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va va stajyorlar – 17 nafar.
Ilmiy faoliyat
Institutda 2025-2026 yillar davomida umumiy mablagʼi 17,2 mlrd soʼmga teng boʼlgan 9 ta ilmiy loyihalar bajarildi. Shulardan, jami 2,1 mlrd soʼmlik 3 ta loyiha 2026 yil uchun ham moliyalashtirilgan.
Ilmiy loyihalarni amalga oshirishda respublika tarmoq tashkilotlarining mutaxassislari hamda oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarining 30 nafardan ortiq soha olimlari, tadqiqotchilari, magistr va talabalari jalb etilmoqda.
Ilmiy xodimlar tomonidan 2025 yilda
6 ta monografiya;
Scopus bazasidagi jurnallarda 15 ta maqola;
boshqa xorijiy jurnallarda 15 ta;
mahalliy jurnallarda 43 ta maqolalar;
xalqaro va respublika miqyosida oʼtkazilgan konferentsiya toʼplamlarida 70 ta tezislar chop etilgan. Shuningdek, 9 ta mualliflik guvohnomasi olingan.
Institutda Oliy attestatsiya komissiyasi roʼyxatiga kiritilgan “Gidrometeorologiya va atrof-muhit monitoringi” ilmiy jurnali doimiy nashr etilib kelinadi.
Ilmiy kadrlar tayyorlash
Institutda 2 ta ixtisoslik boʼyicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy Kengash mavjud. Ilmiy kengashda soʼnggi 4 yilda oʼtkazilgan himoyalar umumiy soni 18 ta:
2021 yilda – 4 ta;
2022 yilda 6 ta;
2023 yilda 3 ta;
2024 yilda 2 ta;
2025 yilda 7 ta Phd va 1 ta DSc;
2026 yilda birinchi yarim yilligida 5 ta Phd va 1 ta DSc himoyasi oʼtkazildi.
Xalqaro hamkorlik
Shuningdek, 4 ta xalqaro loyihalarda Institut ilmiy xodimlari ekspert maqomida ishtirok etishmoqda.
Shu bilan birga, Institut tomonidan
BMTTD;
YUNESKO;
GIZ;
Jahon banki;
Jahon meteorologiya tashkiloti;
Аtom energiyasi boʼyicha xalqaro agentlik;
Xalqaro migratsiya tashkiloti;
Markaziy Osiyo davlatlari;
АQSh;
Germaniya;
Shveytsariya;
Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarning soha boʼyicha ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Xo’jalik shartnomasi va loyihalar
Institutda 2023-2024 yillar davomida jami 273,2 mln soʼmlik 8 ta xoʼjalik shartnomlari bajarilgan.
2025 yilda 164 mln soʼmlik xoʼjalik shartnomasi bajarilgan.
2026 yilning birinchi yarim yilligida 106,0 mln soʼmlik 1 ta xoʼjalik shartnomasini amalga oshirilgan.
Soʼnggi bir yil davomida Institut ilmiy jamoasi tomonidan davlat ilmiy dasturlari doirasida eʼlon qilingan ilmiy loyihalar tanlovlariga jami 17 ta loyiha topshirildi.
Mazkur loyihalar Yaponiya, Turkiya, Ozarbayjon, Xitoy, Germaniya, Shveytsariya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi kabi davlatlarning sohaviy ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 25 martdagi PQ-110-son qarori 4-ilovasida keltirilgan chora-tadbirlar yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʼzgarishi milliy qoʼmitasiga jami 2 ta loyiha topshirildi.
Shu bilan birga, Institut tomonidan ishlab chiqilgan 8 ta loyiha Ekologiya qoʼmitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʼarmasi dasturiga kirtildi.