BUXORO VILOYATI PESHKU TUMANIDA YANGI SUV HAVZASI
BUXORO VILOYATI PESHKU TUMANIDA PAYDO BOʻLGAN YANGI SUV HAVZASI TOʻGʻRISIDA
GIDROMETEOROLOGIYA ILMIY-TADQIQOT INSTITUTI OLIMLARINING DASTLABKI XULOSALARI
Buxoro viloyatining Peshku tumanida yangi gidrologik obyekt (koʻl) paydo boʻlgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻldi va soʻnggi kunlarda jamoatchilik eʼtiborini tortdi. Ushbu holat Gidrometeorologiya
ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan atroflicha oʻrganildi.
Olimlar yuqori aniqlikdagi sunʼiy yoʻldosh tasvirlarini qayta ishlash asosida ushbu suv havzasi hosil boʻlgan sanani aniqlashdi.
Shakllanish tarixi. 2023-yil noyabr oyida ushbu hududda yangi kollektor-zovur tizimi paydo bo‘lganligini ko’rish mumkin. Muhandislik-texnik ishlardan soʻng, 2024-yil 15-oktabrdan boshlab kollektordan Shirbuloq botig‘iga suv tashlash boshlangani kuzatildi. Peshku tumani hokimligi tomonidan berilgan ma’lumotga ko’ra, mazkur kollektordan ko‘lga 35 m3/sek suv kelib tushayotgani hamda botig‘ida jami 850 million m³ suv yigʻish rejalashtirilgan. Bugungi kunda havzada 305 million m³ suv to‘plangan.
Relyefning raqamli modellari (DEM) tahlili asosida Shirbuloq botig‘ining eng chuqur nuqtasi dengiz sathidan taxminan 120 m balandlikda joylashgani, koʻl qirgʻoq chizigʻining balandligi esa taxminan 130-132 m ni tashkil etishi aniqlandi. Sun’iy yo’ldosh tasvirlari ma’lumotlari yordamida koʻlga quyilayotgan kollektorning kengligi 30–32 m ekanligi aniqlandi.
Havza suv balansida atmosfera yogʻinlari ulushining tahlili. Mazkur obyektga eng yaqin joylashgan “Jongeldi” meteostansiyasining 2016-2026-yillardagi maʼlumotlari tahlili Buxoro viloyati cho‘l hududiga xos arid iqlimli xususiyatga ega.
Mintaqada oʻrtacha yillik yogʻingarchilik miqdori 110-135 mm ni tashkil etadi, biroq keskin tebranishlar kuzatiladi. Masalan, eng yuqori koʻrsatkich 2022-yilda (215 mm) qayd etilgan boʻlsa, 2023-yilda qurgʻoqchilik (58 mm) yil kuzatilgan. 2024-yilda me’yordan biroz yuqori (170 mm) yog ‘in yog‘gan. Ushbu koʻl 2022-yilgi anomal koʻp yogʻingarchilik davrida emas, 2024-yilning oxiriga kelib shakllangan. Bu esa, suv havzasi aynan kollektor oqimi hisobiga shakllanganini yana bir bor isbotlaydi.
Tashlama koʻlining hosil boʻlish xronologiyasi








2024-yil oktyabr oyidan 2026-yil boshigacha mintaqada koʻl havzasini toʻldirishga qodir boʻlgan atmosfera yogʻinlari qayd etilmagan. Garchi 2026-yilning dastlabki toʻrt oyida (yanvar-aprel) jami 197 mm yogʻingarchilik tushgan boʻlsa-da, bu koʻrsatkich koʻlning gidrologik shakllanishidan keyingi davrga toʻgʻri keladi.
Koʻl va uning gidrologik rejimining shakllanishida atmosfera yogʻinlarining ulushi juda kam. Suv havzasining barqaror saqlanishi bevosita ushbu hududdagi kollektor-drenaj suvlari oqimi dinamikasi va ularning sarfi hisobiga taʼminlanmoqda.
Bugʻlanish. Mintaqadagi ochiq suv havzalaridan yillik bugʻlanish 1000-1200 mm ni tashkil etadi. Stansiya maʼlumotlariga koʻra, yilning 5 oyi davomida (may–sentyabr) oʻrtacha oylik harorat 23,0 °C dan oshadi, yoz oylarida (iyun–avgust) esa u 30,0 °C dan 35,7 °C gacha koʻtariladi. Sentyabr-oktabr oylarida ham yuqori harorat rejimi (23,0–24,6 °C) bugʻlanishni yanada oshiradi.
Ushbu obyekt oqmas (yopiq) koʻllar turiga kiradi va koʻl suv balansining sarflanish qismini faqat bugʻlanish hamda filtratsiyaga (shimilishga) komponentlari tashkil etadi. Bugʻlanish koeffitsiyenti yogʻayotgan yogʻinlarga qaraganda 10-15 marta yuqori boʻlgani sababli, yozgi davrda havza yuzasiga tushadigan har qanday yangi namlik toʻliq bugʻlanib ketadi.
Xulosalar. Mazkur yangi hosil bo‘lgan koʻl tabiiy botiqlikka kollektor-drenaj suvlarining quyilishi hisobiga shakllangan oqmas suv havzasidir. Tashlama ko‘l sifatida bu kabi suv obyektlari ekologik jihatdan zaif gidrologik tizimlar sirasiga kiradi, chunki ular cheklangan suv almashinuvi, tabiiy oqimning yoʻqligi va oʻz-oʻzini tozalash qobiliyatining pastligi bilan ajralib turadi.
Baliqchilik istiqbollari. Suv minerallashuvining (shoʻrlanishining) prognoz qilinayotgan oʻsishini hisobga olgan holda, havzadan barqaror baliqchilik maqsadlarida foydalanish istiqbollari noaniq boʻlib qolmoqda. Kelajakda bu yerda faqat ayrim shoʻrga chidamli (tuzga chidamli) gidrobiont turlarining yashashi mumkin boʻladi, biroq obyektiv baho berish uchun maxsus gidrokimyoviy va ixtiologik tadqiqotlar oʻtkazish zarur.
Turizm va rekreatsiya. Koʻldan toʻlaqonli rekreatsiya va turizm obyekti sifatida foydalanish ham ehtiyotkorona yondashuvni talab qiladi. Barqaror rekreatsiya zonasini yaratish uchun kompleks muhandislik-ekologik qidiruvlar, suv va tuproq sifati boʻyicha koʻp yillik monitoring, sanitariya-epidemiologik baholash, shoʻrlanish dinamikasini oʻrganish, shuningdek, suv rejimi va havzaning ekologik holatini boshqarish chora-tadbirlarini ishlab chiqish talab etiladi.
Ilmiy tadqiqotlardan tashqari, transport vositalarining yetib borishi, muhandislik infratuzilmasi, qirgʻoq zonasini obodonlashtirish, suv taʼminoti tizimlari, sanitariya tozalash, xavfsizlikni taʼminlash va ekologik nazoratga jiddiy investitsiyalar kiritish lozim boʻladi. Shu bilan birga, bunday investitsiyalarning iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlashi hozirgi vaqtda aniq emas, chunki suv havzasining uzoq muddatli ekologik barqarorligi tasdiqlanmagan, undan samarali foydalanish imkoniyatlari esa bevosita kelajakdagi suv miqdori va sifati hamda ekotizim holatiga bogʻliq. Hozirgi bosqichda mazkur tashlama koʻlini, eng avvalo, gidrologik monitoringini yo ‘lga qo’yish va kompleks tadqiqotlar olib borishni talab qiladi. Uni shakllangan turistik yoki baliqchilik resursi deb hisoblashga hali erta. Zarur tadqiqotlar, muhandislik ishlari va moliyaviy mablagʻlar kiritilmasdan turib, bu yerda barqaror rekreatsiya iqtisodiyotini rivojlantirish jiddiy ekologik va investitsiyaviy xavflarni yuzaga keltirishi mumkin.