17-28 iyul kunlari Yaponiyada “Satreps Blue” loyihasi doirasida Yaponiyaning hamkor universitetlari bilan birgalikda trening kurslar bo‘lib o‘tdi.
SATREPS O‘zbekiston-Yaponiya loyihasi doirasida Yaponiyada 2023 yil 17-28 iyulь kunlari JICA ko‘magida Yaponiya hamkor universitetlari bilan trening kurslari bo‘lib o‘tdi. Trening kurslari SATREPS-BLUE loyihasining rahbari, Kioto Universiteti professori Kenji Tanaka va Tottori Universiteti professori K.N.Toderich tomonidan tashkillashtirildi. Trening kurslarida SATREPS-BLUE loyihasining Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash injenerlari instituti, UzGIP, Quyosh instituti, O‘zR FA Botanika instituti, O‘zR FA Biorganik kimyo instituti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, Orolbo‘yi xalqaro innovasiyalar markazidan 15 nafar o‘zbekistonlik ishtirokchilar – olimlar, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etishdi.

Trening qatnashchilari loyiha yo‘nalishlariga mos ravishda kichik guruhlarga bo‘lingan holda bevosita yaponiyalik asosiy hamkorlar bilan universitetlarning laboratoriyalarida shug‘ullanishdi. Trening kurslar mazmuni SATREPS loyihasining barcha komponetlarini qamrab olgan holda O‘zbekiston-Yaponiya loyihasi qatnashchilari bo‘lgan Yaponiya universitetlarining professorlari tomonidan nazariy maruzalar va laboratoriya mashg‘ulotlari tarzida tashkillashtirildi. Guruhlardagi amaliy mashg‘ulotlar Yaponiyaning 4ta shahrida joylashgan Kioto Universiteti, Mie Universiteti, Kobe Universiteti va Tottori Universiteti bo‘lib o‘tdi. GMITIdan trening qatnashchilari Kioto Universitetida geostasionar sun’iy yo‘ldoshlar (Meteostat i MSG1) ma’lumotlaridan chang va qum bo‘ronlarini monitoringida foydalanish, zamonaviy usullardan foydalangan holda meteorologik va gidrologik ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.


Trening qatnashchilari uchun Shiga prefekturasida ikki kunlik amaliy dala mashg‘ulotlari tashkil etildi va unda suv resurslaridan barqaror foydalanish yo‘nalishida sholichilik va akvakulьtura yopiq tizimi, mahsulot yetishtirsh va uni qayta ishlash, logistika va marketing tizimi hamda Biva ko‘li va uning atrofidagi daryolar suv resurslaridan foydalanish tizimi namoyish etildi. Shuni qayd etish zarurki, trening kurslar yosh mutaxassislarning ilmiy salohiyatini oshirishda muhim bosqich bo‘ldi.
